Dunyoda shunday narsalar borki, ular uchun jon olib–jon beradilar, muqaddas bilib, ko‘zga surtadilar. Davlat bayrog‘i ana shunday ramzlardan biri, davlat suverenitetining muhim belgisidir.
O‘zbekistonning Davlat bayrog‘i 1991 yil 18 noyabrdan boshlab Vatanimizni jahon hamjamiyatida namoyish etib kelmoqda. Shu kundan e’tiboran yurt farzandlari bu bayroq poyida tiz cho‘kib, to jonim bor ekan, Vatanimni, uning timsoli bo‘lgan bayrog‘imni himoya qilaman, deb qasamyod etadilar.
…Vatan himoyasi uchun harbiy xizmatga chaqirilgan o‘g‘lonlarimizning harbiy qasamyod marosimini kuzatganmisiz? Maktabga ilk bor qadam qo‘yayotgan jajji bolajonlarning qo‘lida bayroqchani hilpiratgancha sinfga kirib kelishlarini-chi? Bunday pallalarda qalb tug‘yonga kelib, ko‘zlaringda quvonch yoshlari miltillaydi. Shu yurt, shu muqaddas zamin farzandi ekanligingdan faxru g‘ururing yanada yuksaladi.
Ayniqsa, Vatanimiz bayrog‘i dunyoning eng yuksak minbarlarida mag‘rur hilpirayotganini ko‘rgan lahzalarda shu bayroq haqqi Ona-Vatan uchun, uning tinchligi, istiqboli uchun joningni-da qurbon qilishga tayyorligingni his qilasan.
1992 yil 2 mart kuni O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lib, bayrog‘imiz uning peshtoqida hilpiray boshlagan kun barcha vatandoshlarimiz ko‘nglida ana shunday tuyg‘ular to‘lib-toshdi.
Prezidentimiz Islom Karimov BMT minbarida mustaqil O‘zbekiston Davlat bayrog‘i ostida nutq so‘zlagan 1993 yilning oktabrida ham shu hisni tuyganmiz.
Eng nufuzli sport musobaqalari – Olimpiya o‘yinlarida yurtdoshlarimiz g‘alabasi sha’niga bayrog‘imiz sarbaland bo‘lgan kunlarni eslaylik!
Ayniqsa, o‘zbek o‘g‘loni Rustam Qosimjonov bundan to‘rt yarim yil muqaddam olis Tripolida g‘olib chiqib, shaxmat tojini O‘zbekistonga olib kelib, olamni hayratu havasga solgan kunni aytmaysizmi?!
Mustaqil O‘zbekiston o‘z Prezidenti rahnamoligida tinchlik, hamkorlik va o‘zaro tenglik tamoyiliga asoslangan tashqi siyosatga og‘ishmay amal qilib kelmoqda. Ichki siyosatda ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligi bosh maqsad etib belgilangan.
Bayrog‘imizga diqqat bilan razm solsak, unda millatimizning o‘zligi aks etganligini ko‘ramiz.
Moviy rang – musaffo osmon va obihayot ramzi bo‘lib, yaxshilikni, donishmandlik, halollik, shon-shuhrat va sadoqat, oq rang – tinchlik, poklik, beg‘uborlik, soflik, ezgu orzu va umidlar timsolidir. Tabiatning yangilanishi ramzi yashil rangda aks etgan bo‘lib, u navqironlik, umid va shodumonlikdan nishona.
Qizil chiziqlar – har bir tirik vujudda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini ifodalaydi.
«O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida bayrog‘imizning qayerlarda va qanday ko‘tarilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Inson qo‘li bilan yaratilgan narsalardan faqat bayroq qarshisidagina tiz cho‘kiladi. Bu bilan bayroq timsolida o‘sha xalqqa, davlatga ehtirom ko‘rsatiladi. Hech bir rasmiy tadbir davlat bayrog‘isiz boshlanmaydi. Hatto musobaqalarda ishtirok etayotgan sportchi ham bayroq ostida g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Ochiq ummonda suzayotgan kema yoxud bepoyon samoda parvoz etayotgan havo laynerida ham albatta muayyan davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan bo‘ladi.
Yer yuzida millat va elatlar, xalqlar va davlatlar ko‘p. Hammasi o‘z bayrog‘iga ega va uni qadrlaydi. Lekin dunyoda O‘zbekiston bitta. Uning bayrog‘i ham yagona. Biz, ana shu bayroq ostida davlatimiz rahbari belgilab bergan ulug‘ maqsadlar – yorug‘ kelajagimiz sari bormoqdamiz.
Bizni yagona davlat, bir xalq sifatida birlashtirib turgan bunday ramzlar hamisha azizu mukarramdir.
|