Yurtimizda davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida huquq-tartibotni saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashning zamonaviy usul va vositalaridan keng foydalangan holda jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlashning samarali tizimi yaratilgan. Bu jarayonda tizim shaxsiy tarkibini yuksak malakali, professional kadrlar bilan mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursida har jihatdan chiniqqan, yurtimiz tinchligi, fuqarolarimiz osoyishtaligini ta’minlashga qodir, malakali xodimlar tayyorlanmoqda.
Oliy kursda kursantlarning nazariy bilimi bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga ham alohida ahamiyat beriladi. Zamonaviy kompyuter va lingafon, jangovar-taktik mashg‘ulotlarni o‘rgatish, sport mashqlari olib borish xonalari ular ixtiyorida. Bunda o‘qitishning samarali usullari, multimedia va zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda.
Mazkur kursning navbatdagi bitiruvchilariga diplom va kichik serjant unvonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant B.Matlyubov Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida yurtimizda huquq-tartibotni mustahkamlashning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan ichki ishlar idoralari tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidladi.
– Yurtimizda yoshlar kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik bizni shijoat bilan o‘qish va mehnat qilishga undaydi, – deydi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursi bitiruvchisi Manzura Turdibekova. – Shu bois biz el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrab-avaylash, yurtdoshlarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek mas’uliyatli vazifani ado etish yo‘lida butun kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.
|